Talabalar uchun grantlar va imtiyozlar

Talabalar uchun grantlar va imtiyozlar

Impuls tibbiyot instituti iqtidorli, bilimli va faol talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida grant va turli imtiyozlar tizimini joriy etgan. Mazkur tizim talabalarning akademik muvaffaqiyatlarini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Akademik grantlar

Institutda har bir semestr yakunida talabalar bilimini baholash natijalariga ko‘ra grant ajratish imtihonlari o‘tkaziladi.

Har bir semestr yakunida umumiy talabalar kontingentining 10 foizigacha bo‘lgan eng yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega talabalar 100 foizlik grant bilan taqdirlanadi.

Grantlar faqat akademik reyting, fanlardan o‘zlashtirish darajasi va intizomiy holatlar asosida belgilanadi.

Grant ajratish jarayoni maxsus ishchi komissiya tomonidan shaffof va adolatli tarzda amalga oshiriladi.

Kontrakt to‘lovlari bo‘yicha chegirmalar

Talabalarga quyidagi hollarda kontrakt to‘lovlariga chegirmalar berilishi mumkin:

  • Kirish imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlarga;
  • O‘qish davomida akademik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalarga;
  • Institut hayotida faol ishtirok etayotgan iqtidorli talabalarga;

Tayyorlov kurslari bitiruvchilari uchun belgilangan tartibda.

Chegirmalar miqdori 10 %, 20 %, 30 %, 40 % va 50 % gacha bo‘lishi mumkin va tegishli buyruqlar asosida rasmiylashtiriladi.

Ijtimoiy imtiyozlar

Institut tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun quyidagi imtiyozlar ko‘zda tutilgan:

  • Boquvchisini yo‘qotgan talabalar;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • Kam ta’minlangan oilalar farzandlari;
  • Yolg‘iz ota-ona farzandlari.

Mazkur toifadagi talabalar uchun masala individual tartibda, hujjatlar asosida va institut komissiyalari xulosasiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro imkoniyatlar va rag‘batlantirish

Xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va ilmiy anjumanlarda g‘olib bo‘lgan talabalar rag‘batlantiriladi;

Xorijiy stajirovkalar va tajriba almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;

Faol va iqtidorli talabalar institut tomonidan tavsiyanoma bilan qo‘llab-quvvatlanadi.