
Impuls Tibbiyot Instituti Tarixi
Impuls Tibbiyot Institutining tarixi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash ehtiyoji bilan bog‘liq.

Klinikadan Ta’lim Maskaniga
2018-yilda Namangan viloyatining Norin tumanida Impuls ko‘p tarmoqli xususiy klinikasi tashkil etilgan edi. Klinikaga asos solishdagi asosiy maqsad — bemorlarga yuqori sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘lgan.
Ammo qisqa vaqt ichida dunyoni qamrab olgan COVID-19 pandemiyasi barcha sog‘liqni saqlash tizimlari uchun chuqur sinov bo‘ldi. Klinikadagi shifokorlar pandemiya sharoitida bemorlarga yordam berishga intilgan bo‘lsalar-da, resurslar yetishmovchiligi va malakali kadrlar tanqisligi bu jarayonni murakkablashtirdi.
Pandemiya paytida yuzaga kelgan bu muammolar barcha tibbiyot muassasalari uchun umumiy bo‘lishi, shuningdek malakali shifokorlar yetishmovchiligi — tizimli vazifa ekanligi ayon bo‘ldi. Shu sababli Impuls klinikasi rahbariyati sog‘liqni saqlashning kelajakdagi barqaror rivojlanishi uchun malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash lozim degan qarorga keldi.

Institutni Barpo Etish G‘oyasi
2019-yilda shifokorlar yetishmovchiligi muammosini hal etish maqsadida o‘z tibbiyot institutini ochish g‘oyasi shakllandi. Bu tashabbus asosida dunyoning ilg‘or ta’lim tizimlari o‘rganildi — jumladan Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridagi tibbiyot ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimlari tajribasi tahlil qilindi.
O‘rganishlar natijasida institut ta’limi AQShning USMLE(United states medical licensing examination-AQSH tibbiy litsenziya imtoxoni) standartlariga mos keladigan tizim bo‘lishi maqsad qilindi. Shu maqsadda malakali mutaxassislar jalb qilindi va uzoq yillik tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Institutning Rasmiy Ochilishi
Bir necha yillik sa’y-harakatlar natijasida 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan №047559 sonli litsenziya asosida Namangan viloyatida xususiy Oliy ta’lim tashkiloti— Impuls Tibbiyot Instituti rasmiy ochildi. Bu institut mintaqadagi birinchi va yagona xususiy tibbiyot oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat boshladi.
Institut zamonaviy tibbiy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, talabalarga chuqur nazariy bilim bilan birga amaliy ko‘nikmalar berishni maqsad qilgan. Bugungi kunda institutning Namangan va Chirchiq shaharlardagi filiallari mavjud boʻlib, u yerda 3 ta: Davolash ishi, Stomatologiya va Pediatriya ishi yoʻmalishlarida 2 mingga yaqin talabalar ta’lim olishmoqda. Ta’lim tizimi yetuk mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan boʻlib, xalqaro standartlarga moslashtirish yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
