Yangi yilingiz bilan!

Yangi yilingiz bilan!

Yangiliklar

Yangi yil bilan!

Hurmatli hamkasblar, ustozlar va aziz talabalar! Kirib kelayotgan 2025-yil munosabati bilan barchangizni chuqur hurmat va samimiy ezgu tilaklar bilan tabriklayman!

O‘tgan 2024-yil davomida institutimiz umumiy sa’y-harakatlarimiz va hamjihatligimiz tufayli muhim yutuq va bosqichlarga erishdi. Bugungi kunda institutimizda 1420 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda, ularga bilim berish jarayonida esa 120 ga yaqin yuqori malakali professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda.

Xalqaro hamkorlik aloqalarimiz sezilarli darajada kengaydi. Jumladan, Koreya, Qirg‘iziston, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Irlandiya kabi davlatlarning yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Erasmus va TIKA tashkilotlari bilan grant loyihalarining boshlangani alohida e’tiborga loyiq. Shuningdek, QS reytingida “reporter” maqomiga erishish institutimizning xalqaro nufuzini yanada oshirdi.

Institutimiz talabalari 2024-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadada 42 ta tibbiyot oliy o‘quv yurti orasida alohida ajralib chiqdi. Unda ishtirok etgan 4 nafar talabamizning barchasi yuqori o‘rinlarni egalladi.

Yuqori salohiyatli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3-bosqichda tahsil olayotgan eng bilimdon 5 nafar talabamiz institut byudjeti hisobidan USMLE Step 1 imtihonini topshirish uchun saralab olindi va ularning barcha imtihon xarajatlari qoplanishi rejalashtirilgan. Hozirda ular ustozlari yordamida imtihonga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Institutimizning ilmiy salohiyati 24 foizdan 35 foizgacha oshdi. Ustoz-shogird an’anasi asosida talabalarimiz tajribali shifokorlar bilan muloqot qilish va o‘z qiziqishlarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun institut byudjetidan jami 5 milliard 931 million 750 ming so‘m miqdorida grant mablag‘lari ajratildi.

Ishonchim komilki, o‘tgan yilgi yutuqlardan kuch olib, 2025-yilda yanada yuksak marralarga erishamiz. Yangi yilda barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va ilmiy hamda amaliy faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman. Birgalikda buyuk ishlarni amalga oshira olamiz!

Yangi yil bilan!

Hurmat bilan,
Impuls Tibbiyot Instituti
Rektor: Orifjon Xolmirzayev

Bo'limga qaytish "Yangiliklar"

Tegishli yangiliklar