Memorandumlar

Impuls Tibbiyot Instituti xalqaro ta’lim va ilmiy makonga integratsiyalashuvni o‘zining ustuvor strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Bugungi kunda institut dunyoning 10 ga yaqin davlatidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, tibbiyot akademiyalari va xususiy sektor vakillari bilan 20 dan ortiq anglashuv memorandumlari (MoU), hamkorlik shartnomalari va axdlashuv protokollarini imzolagan. Mazkur xalqaro hujjatlar Turkiya, Koreya Respublikasi, Litva, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardagi nufuzli tashkilotlar bilan uzoq va qisqa muddatli hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda. Har bir memorandum va protokolning mazmuni, avvalo, talabalar manfaatlari, zamonaviy tibbiy ta’lim talablari va xalqaro akademik standartlardan kelib chiqib ishlab chiqilgan.Imzolangan memorandumlar doirasida quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlik amalga oshirilmoqda:

  • talabalar uchun qisqa va uzoq muddatli akademik almashinuv dasturlari;
  • xorijiy klinika va markaziy shifoxonalarda amaliyot (internship) o‘tash imkoniyatlari;
  • observership (kuzatuv asosidagi klinik tajriba) dasturlari;
  • professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy almashinuv;
  • qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, seminar va konferensiyalar;
  • ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion yondashuvlarni joriy etish.

Mazkur hamkorliklar orqali talabalar nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlaydi, balki real klinik muhitda ishlash, xalqaro jamoalarda tajriba orttirish va professional kompetensiyalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xalqaro memorandumlar Impuls Tibbiyot Institutining ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirish va ularni global mehnat bozoriga tayyorlashda muhim omil hisoblanadi. Hamkorlik shartnomalarining amal qilish muddati 2028–2030-yillargacha mo‘ljallangan bo‘lib, ular barqaror va uzoq muddatli rivojlanishga qaratilgan. Impuls Tibbiyot Instituti xalqaro hamkorliklarni kengaytirish orqali talabalarga xalqaro darajadagi bilim, amaliy tajriba va professional rivojlanish imkoniyatlarini taqdim etmoqda. Institutning maqsadi — ochiq, innovatsion va global fikrlaydigan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash hamda xalqaro akademik hamjamiyatda munosib o‘rin egallashdir.

MAHALLIY MEMORANDUMLAR

XALQARO MEMORANDUMLAR